PESHKU TUMAN AXBOROT-KUTUBXONA MARKAZI
Peshku tumanida 1950-yilda birinchi bor Yangi bozor markazida madaniyat uyi tashkil etildi. Yangi bozor hududining yuqori qismidagi mehmonxona o‘rnida dastlabki kutubxona faoliyat yurita boshladi. Unda atigi 400 ta badiiy kitob mavjud bo‘lib, uni Muattar Holiqova boshqargan. Kutubxona a’zolari soni 30-40 tadan oshmagan. Keyengi yillarda kutubxona badiiy kitoblar bilan boyitib borilgan. 1956-yilda kutubxonaga Bodom Jo‘rayeva rahbarlik qilgan. Kitobxonlar soni ko‘payib, kitob fondi 1500 taga yetkazilgan. O‘sha davrlarda kutubxona qiroatxona deb yuritilgan. Tumandagi 6 ta qishloq sho‘rolari oldida bittadan kutubxona filiali bo‘lgan. Barcha kolxoz idoralari huzurida kutubxonalar, da’vatxonalar tashkil etilgan. Tuman hududida 1 ta markaziy kutubxona, bolalar kutubxonasi, 7 ta qishloq kutubxonalari, 9 ta kolxoz kutubxonalari mavjud edi. 1978 yil markaziy kutubxonaga tajribali Bodom Jo‘rayeva rahbat etib tayinlandi. Kitob fondi qisqa muddatda 21 ming donaga yetdi. Kitobxonlar soni mingdan oshdi. Tuman madaniyat bo‘limiga Salim Omonovich rahbar etib tayinlangach, sohada ko‘zga ko‘rinarli ijobiy ishlar amalga oshirila boshladi. Ayniqsa hodimlardan Zulfiya Avezova Lola Hojiyeva, Mavjuda Sadirova, Amina Adizova, Jamila Hamroyeva, Saodat Ochilova, Nazira Safarova, Tojixon Safarovalar uslubchi, bosh kutubxonachi, muharrir sifatida madaniy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda tashabbuskor bo‘ladilar. 1980-yillarda madaniyat bo‘limini mohir targ‘ibotchi Abdulla Vafoyev boshqaradi. Kutubxonalar soni bu davrga kelib 34 mingtaga, kitob fondi 90 mingtagacha yetib kitobxonlar soni 14 mingtani tashkil etdi. Bu raqamlar 1990 yillarda keskin oshdi. Tumanda kutubxonalar soni 35 taga, kitob fondi 265 mingtagacha, kitobxonlar soni 28500 taga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi aholisiga Axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi 4354 sonli qarorga asosan 2019-yil 2-dekabrda Peshku tuman Axborot-kutubxona markazi tashkil etildi.
