PESHKU TUMAN AXBOROT-KUTUBXONA MARKAZIDAN FOYDALANISH
I. Umumiy qoidalar
1.1. Peshku tuman axborot-kutubxona markazlari (keyingi matnda — Markaz) demokratik insonparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, fuqarolilik, shaxsning erkin kamol topish tamoyillari asosida faoliyat yuritadi.
1.2. Markaz foydalanuvchilarga asosiy axborot-kutubxona xizmatlarini bepul, ayrim qoʻshimcha axborot-kutubxona xizmatlarini tasdiqlangan “Pullik xizmat koʻrsatish preyskuranti”ga asosan amalga oshiradi.
1.3. Kutubxona garderobida katta hajmdagi buyumlar, yongʻin holatiga sabab boʻluvchi buyumlar, qimmatbaho buyum va pullar vaqtinchalik saqlash uchun ham qoldirilmaydi. Kutubxona maʼmuriyati garderobda qoldirilgan qimmatbaho buyum va pullar uchun javobgar hisoblanmaydi.
II. Axborot-kutubxona markazining asosiy vazifalari
2.1. Tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, kitoblar va boshqa materiallarning saqlanishini taʼminlash haqidagi qoidalarga muvofiq axborot-kutubxona fondlaridagi hujjatlar va materiallarni hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishga imkoniyat yaratish.
2.2. Universal axborot-resurslari, milliy va xorijiy bosma audiovizual elektron nashrlar fondini shakllantirish, saqlash va ochib berish.
2.3. Foydalanuvchilar soʻroviga asosan boshqa axborot-kutubxona muassasalari, shu jumladan xorijiy kutubxonalarda mavjud axborot-kutubxona hujjatlar va boshqa hujjatlarni olish imkoniyatini yaratish.
2.4. Axborot mahsulotlarini yaratish va ularni hududlardagi boshqa axborot-kutubxona muassasalariga foydalanish uchun taqdim etib borish.
III. Foydalanuvchilarning markazdan foydalanish huquqi
3.1. Markaz foydalanuvchisi — axborot-kutubxona xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxs.
3.2. AKMga aʼzo boʻlish uchun foydalanuvchilar shaxsini tasdiqlovchi hujjat — pasporti, voyaga yetmagan foydalanuvchilar esa tugʻilganlik haqida guvohnoma va ota-onalar yoki vasiylarning pasportini taqdim etishi zarur. Kutubxonadan foydalanishda Markaz joylashgan hududda doimiy roʻyxatdan oʻtganligi yoki boshqa hududda istiqomat qilishi kutubxonadan foydalanishiga moneʼlik qilmaydi. AKMga aʼzo boʻlish Markaz tomonidan tasdiqlangan “Pullik xizmat koʻrsatish preyskuranti”ga asosan amalga oshiriladi.
3.3. Chet el fuqarolarining vaqtinchalik kutubxonadan foydalanishi huquqi shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uning oʻrnini bosa oladigan hujjat) asosida beriladi.
3.4. Foydalanuvchilar kutubxona xizmatlaridan foydalanishda va kutubxonalarni tanlashda erkin tanlash huquqiga egadirlar.
3.5. Kutubxona foydalanuvchisining huquqlari:
3.5.1. Foydalanuvchi har qanday kutubxonadan axborot-kutubxona fondida mavjud hujjatlardan bepul foydalanish;
3.5.2. Bibliografik, maʼlumotnoma-axborot xizmatidan hamda Markaz tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning boshqa turlaridan foydalanish;
3.5.3. Foydalanuvchi axborot-kutubxona fondini yorituvchi kataloglar va boshqa axborot berish shakllari orqali maʼlumot olish;
3.5.4. Foydalanuvchilar oʻzlariga kerakli axborotni izlashda kutubxona mutaxassisidan bepul maslahatlar olish;
3.5.5. Axborot-kutubxona fondidagi har qanday hujjatdan vaqtinchalik foydalanish;
3.5.6. Kutubxonalararo abonement orqali hujjatlarga buyurtma berish, foydalanish hamda ularning maʼlum qismidan belgilangan qonun doirasida nusxa olish;
3.5.7. Markazning yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan tasdiqlangan pullik xizmatlar preyskurantida belgilangan xizmatlardan foydalanish;
3.5.8. Oʻqish zallarida bir vaqtning oʻzida 70 ta gacha kerakli adabiyotlarga buyurtma berish (kun davomida adabiyot/hujjatlardan foydalanish soni cheklanmagan);
3.5.9. Foydalanuvchining talabi va ixtiyoriga koʻra kutubxona hududidan axborot-kutubxona hujjatlarini foydalanish uchun vaqtinchalik olib chiqish (adabiyot/hujjatlarni berish soni 4 ta gacha, adabiyot/hujjatlarni qaytarish muddati olib ketilgan sanadan boshlab 10 kun);
3.5.10.Foydalanuvchilar tomonidan uyga berilgan adabiyot/hujjatlarga soʻrov talabi kam boʻlgan taqdirda, kutubxona binosidan tashqarida foydalanish uchun 5 kundan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirish;
3.5.11. Oʻquv zallaridagi mavjud kompyuter uskunalaridan foydalanish;
3.5.12. Foydalanuvchi markaz faoliyatini rivojlanishiga doir asosli taklif va mulohazalar berish;
3.5.13. Foydalanuvchilarning markaz mutaxassislari tomonidan huquqlari poymol etilgan taqdirda, huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat etish;
3.6. Markazdan imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarning foydalanish huquqlari :
3.6.1. Markaz fondidagi mavjud barcha tillardagi adabiyot/hujjatlardan foydalanish yoki kutubxonalararo abonement orqali buyurma berish;
3.6.2. Markaz binosiga kelib foydalanish imkoniyati boʻlmasa, istiqomat qilayotgan hududiga yaqin joyda joylashgan axborot-kutubxona markazi xizmatlaridan uydan chiqmagan holda foydalanish hamda markaz mutaxassislari tomonidan koʻchma kutubxona xizmati orqali foydalanuvchi soʻroviga koʻra xizmat koʻrsatish;
3.6.3. Oʻzbekiston Qahramoni, I va II darajali “Shon-sharaf” ordeni
sohiblari, II va III — darajadagi nogironlar, urush qatnashchilari, harbiy harakatlar oqibatida nogiron boʻlgan shaxslarga navbatsiz kutubxona xizmatlarini koʻrsatish;
3.6.4. Foydalanuvchilarning nodir, noyob va alohida qimmatga ega nashrlardan zaruratiga koʻra maqsadli yoʻnalishlarda foydalanish (markaz rahbariga yozma ravishda bildirishnoma orqali);
3.6.5. Markaz tomonidan oʻtkaziladigan axborot-ommaviy tadbirlarda qatnashish.
IV. Foydalanuvchilarning majburiyatlari
4.1. Foydalanuvchilar ushbu markazdan foydalanish qoidalariga rioya qilishi shart.
4.2. Foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtish vaqtida Markazdan foydalanish qoidalari bilan tanishishi zarur.
4.3. Foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarida oʻzgarishlar (yashash joyi, familiyasi) roʻy bergan taqdirda Markaz mutaxassisiga axborot berishi kerak.
4.4. Markaz foydalanuvchisining majburiyatlari:
4.4.1. Markaz mutaxassislariga nisbatan xushmuomala va doʻstona munosabatda boʻlishi lozim.
4.4.2. Foydalanuvchi soʻroviga asosan qabul qilib olgan adabiyot/hujjatni koʻzdan kechirishi va biror-bir nuqson aniqlangan taqdirda markaz mutaxassisiga bu haqda maʼlum qilishi kerak. Aks holda ushbu adabiyot/hujjatga yetkazilgan zararga javobgar hisoblanadi.
4.4.3. Markaz fondidan olingan adabiyot/hujjat, turli axborot tashuvchilar orqali foydalanish uchun olingan qurilmalar, disklar va hokazolardan ehtiyotkorlik bilan foydalanishi kerak.
4.4.4. Foydalanuvchi markaz fondidan olgan adabiyot/hujjatlarni belgilangan muddatlarda qaytarishi yoki uzaytirishi mumkin. Foydalanish vaqtini uzaytirish boʻyicha markaz mutaxassisini ogohlantirishi shart.
4.4.5. Oʻqish zallaridan chiqish vaqtida foydalanish uchun olingan adabiyot/hujjatlar markaz mutaxassisiga topshiriladi yoki ochiq fondlardan olingan boʻlsa joyiga qayta joylab qoʻyishi mumkin.
4.4.6. Oʻqish zallarida foydalanish uchun olingan adabiyot/hujjatlarni olib chiqish va boshqa zallarga oʻtib foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi hamda kitobni yirtish, biror belgi/chiziq qoʻyish, sahifalarini buklash taqiqlanadi.
4.4.7. Ochiq fondlardagi kitoblarning joylashish tartibini buzish, katalog va kartoteka kartochkalariga ziyon yetkazish hamda ularni olib tashlash mumkin emas.
4.4.8. Markaz hududida shovqin koʻtarmaslik, jimlikni saqlash, tozalik qoidalariga rioya etish talab etiladi.
4.4.9. Markaz fondidan olingan hujjatlar yoki materiallarni yoʻqotgan va ular oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan darajada zarar yetkazgan fuqarolar, korxona, muassasa va tashkilotlar markaz direktori tomonidan belgilangan hujjat va materiallar yoki ularning nusxasi bilan almashtirish, almashtirish mumkin boʻlmagan holatda ular qiymatining 10 barobar miqdorida qoplashga majbur. (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 18 yanvardagi “Notariuslarning ijro xatlariga asosan qarzni undirish soʻzsiz amalga oshiriladigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisi”dagi 26-son qarorining VIII-bandi: Kutubxonalarning talabnomalari boʻyicha qaytarilmagan kitoblar, boshqa bosma asarlar va kutubxonalar zaxirasidan olingan oʻzga materiallar uchun qarzni undirish). Bu miqdor yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holatga keltirilgan hujjatning qiymatidan kelib chiqib va amaldagi qonuniy hujjatlarga asoslanib markaz mutaxassislari yoki jalb etilgan mutaxassislar tomonidan belgilanadi.
4.4.10. Markaz hududida foydalanuvchilar shaxsiy mobil qurilmalarini tovushsiz holatga oʻtkazib kirishlari talab etiladi.
4.4.11. Texnika tartib qoidalariga amal qilish shart.
4.4.12. Markaz hududiga isteʼmol suvlari, gazli ichimliklar bilan kirish taʼqiqlanadi. Zarurat tugʻilganda, markaz posbonlari tomonidan ichimlikni maxsus tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng ruxsat beriladi.
4.4.13. Shaxsiy buyumlarni markaz xodimining nazorati yoʻq hududida ochiqdan-ochiq tashlab ketmaslik va maxsus buyumlar saqlash uchun moʻljallangan joyda qoldirish zarur.
4.4.14. Markaz hududiga mast holatda kelish va markaz binosida chekish qatʼiyan man etiladi.
V. Oʻqish zallaridan foydalanish tartibi
5.1. Xizmat koʻrsatish zallariga foydalanuvchilarning ustki kiyim, shaxsiy sumkalar bilan kirishi taʼqiqlanadi. Ustki kiyim va shaxsiy buyumlarni markaz hududida saqlash uchun ajratilgan maxsus joy (garderob)da qoldirish talab etiladi.
5.2. Oʻqish zallarida adabiyot/hujjatlarning berilishi Markazga aʼzo boʻlgan foydalanuvchilarga beriladi va kitobxon formulyariga adabiyot/hujjatni qabul qilib olgan sanasi va shaxsiy imzosi bilan qayd etiladi. Bir martalik foydalanish uchun tashrif buyurgan foydalanuvchilarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat orqali adabiyot/hujjatlar beriladi.
5.3. Markaz fondida mavjud boʻlgan kitob, jurnal, gazeta, biror-bir hujjatdan kesib olingan parcha va boshqa bosma nashrlar foydalanuvchilar tomonidan olib kirilmaydi. Markaz fondida mavjud boʻlmagan foydalanuvchilarning shaxsiy kitoblariga markaz mutaxassisi tomonidan qogʻoz/blanka yopishtirilgandan soʻng kiritilishi mumkin. Qogʻoz/blankaga adabiyot/hujjatlarni olib kirish sanasi yoziladi va muhr bosiladi.
5.4. Oʻqish zallaridan foydalanish qoidalari buzilgan taqdirda, foydalanuvchilar maʼmuriyat tomonidan belgilangan muddatga Markazdan foydalanish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
5.5. Foydalanuvchilar tomonidan adabiyot/hujjatlar maʼlum muddat/vaqtga ushlab turishi (bron) mumkin.
5.6. Markazning kunlik ish vaqti tugashiga 15 daqiqa qolganda oʻqish zallarida foydalanish uchun berilgan markaz fondidagi adabiyot/hujjatlar mutaxassislarga topshiriladi.
VI. Markaz hududida kompyuterdan foydalanish qoidalari
6.1. Foydalanuvchilarga kompyuter jihozlaridan kompyuterlashgan maxsus joylarda foydalanishga ruxsat etiladi.
6.2. Oʻqish zallariga foydalanuvchilar tomonidan shaxsiy kompyuter qurilmalari va quloqchinlarni olib kirishga ruxsat etiladi.
6.3. Foydalanuvchining shaxsiy axborot tashish qurilmasi markaz mutaxassisi tomonidan maxsus tekshiruv (virus aniqlovchi dastur)dan oʻtkazilgandan soʻng elektron axborotdan nusxa koʻchirishga ruxsat etiladi.
6.4. Foydalanuvchi kirishi taʼqiqlangan axborot manbalari roʻyxati (ekstremistik, pornografik va boshq.) bilan tanishganligini shaxsiy imzosi bilan tasdiqlashi shart. Agarda ushbu manbalardan foydalanishga urinsa, bu holatda 3-6 oygacha muddatga markaz hududidagi kompyuterdan foydalanish huquqi cheklab qoʻyiladi.
6.5. Foydalanuvchilarga kompyuter va kataloglardan foydalanish vaqtida quyidagilar man etiladi:
6.5.1. Kompyuter qurilmalariga istalgan dasturlarni oʻrnatish;
6.5.2. Kompyuter oʻyinlarini oʻynash;
6.5.3. Onlayn aloqa chatlaridan foydalanish;
6.5.4. Kompyuterlar va boshqa texnik vositalardan kutubxonada xizmat koʻrsatish jarayoniga aloqador boʻlmagan maqsadlarda foydalanish;
6.5.5. Kompyuterlarda nosozlik kuzatilgan taqdirda oʻzboshimchalik bilan tuzatish.
VII. Markazning huquq va majburiyatlari
Markazning majburiyatlari:
7.1. Foydalanuvchilarni markazdagi va undan tashqaridagi barcha axborot resurslaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratish;
7.2. Foydalanuvchilarning ehtiyojlarini oʻrganish va toʻliq qondirishga erishish;
7.3. Kutubxonachilik, bibliografik, maʼlumotnoma-axborot xizmati koʻrsatishni takomillashtirish, ushbu maqsadlarda foydalanuvchilar bilan yakka tartibda va guruhlar boʻyicha ish olib borishning turli shakllaridan foydalanish;
7.4. Foydalanuvchilarga yuksak madaniy va malakaviy xizmat koʻrsatishni taʼminlash, zarur hujjat/materiallarni qidirib topish va olishda zarur yordam koʻrsatish;
7.5. Foydalanuvchilarning qiziqishlari va axborotlarga boʻlgan ehtiyojlarini oʻrganish asosida turli manbalardagi axborot resurslarini bergan holda tabaqalashtirilgan kutubxona-axborot xizmati koʻrsatishni amalga oshirish;
7.6. Markazning axborot-kutubxona fondini katalog, kartotekalar hamda zamonaviy qidiriv tizimlari orqali ochib berish;
– Qidiruv dasturlarini uzluksiz ishlab turishini taʼminlash;
– Foydalanuvchilarga qidiruv dasturlaridan foydalanish yuzasidan koʻrsatma berish.
7.7. Foydalanuvchi tomonidan soʻralgan adabiyot/hujjat markazning axborot-kutubxona fondida mavjud boʻlmasa, kutubxonalararo abonement orqali soʻrovni amalga oshirish.
7.8. Ommaviy tadbirlarni zamon talablariga mos ravishda tashkil etish va oʻtkazish.
7.9. Markazning xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, markaz fondlari va koʻrsatiladigan xizmatlarni reklama qilish, foydalanuvchilarning ehtiyojlarini oʻrganish va ularning asosli istaklariga muvofiq yangi xizmatlar tashkil etish.
Markazning huquqlari:
7.10. Markazning huquqlari yuqori turuvchi tashkilot orqali bevosita kelishiladi va tasdiqlanadi.
7.11. Nodir, noyob va qoʻlyozma nashrlarni koʻrgazmaga qoʻyish, foydalanish va nusxa koʻpaytirishda cheklovlar belgilash;
7.12. Ushbu qoidaga asosan markaz moddiy boyliklari, jihoz, kitoblar va hokazolarga foydalanuvchilar tomonidan yetkazilgan zararlarni qoplash miqdorini belgilab qoʻyish;
7.13. Foydalanuvchilarga markaz fondidan berilgan hujjatlarni oʻz vaqtida qaytarilishini nazorat qilish;
7.14. Yuridik va jismoniy shaxslar bilan maqsadli shartnomalar tuzishda markaz fondidan foydalanish shartlarini belgilab olish.
